среда, 13 января 2016 г.

O'zga sayyoraliklar. To'y. Ilon.

Agar menga seningcha o'zga sayyoraliklar bormi deb savol berishsa, albatta bor deb javob berardim. Chunki agar yer kabi yuzlab sayyoralarni o'zini atrofida aylantiruvchi yulduzlar sistemasi, quyoshimiz kabi milliardlab yulduzlar va ularning sayyoralini o'zida saqlovchi galaktikalar, milliardlab galaktikalarni o'zida sig'dira olgan bu olamda faqat bizgina fikrlay oluvchi mavjudot bo'lsak, qanchadan qancha maydon bekor yotgan bo'lar edi. Shunchaki boshqa sivilizatsiyalarni uchratmaganimizning sababi, menimcha bizning o'zimiz koinotga o'tkir ko'z bilan endi yaqin yillardan berigina qarayapmiz. Galileo Galiley birinchi teleskopni ixtiro qilganiga endi 400 yildan oshyapdi. Bu biz uchun exxe 400 yil bo'lishi mumkin, lekin koinot shunaqa katta va aql bovar qilmas kengki 400 yil uning uchun 1 sekunddek gap. Agar o'sha payt Galileo Galiley koinotga yorug'lik tezligida so'nmas signal yuborganida, hozirgacha o'sha signal bizdan bor yo'gi 400 yorug'lik yiliga uzoqlashgan bo'lardi. Bilasizki nurning tezliki 300 000 km/sek(soat emas, Karl, Sekund!). Sekundiga 300 ming km yo'l bosuvchi nur bir yilda qancha masofa bosib o'tishini hisoblashga kalkulyatorimniyam tomi ketib qolsa kerak). Endi shuncha masofani 400 baravar ko'prog'ini tasavvur qiling.  Judddayam uzun to'g'rimi? Lekin bu koinot uchun hech narsa emas. Yangi izlanishlarga ko'ra, biz yashab turgan koinotning u chetidan bu chetigacha uzunligi 156 milliard (ha ha Milliard) yorug'lik yiliga teng. Uni ustiga teoriyalarga ko'ra koinot har doim kengayib boradi. Solishtirish uchun bizning Somon yo'li galaktikamizning diametri tahminan 100 000 yorug'lik yiliga teng. Demak, Galileo Galiley yuborgan so'nmas signal, hali o'z galaktikamizni ham tark etmagan bo'lardi. Tark etishi uchun esa 100 ming yil kerak. Bizda radio ixtiro qilinib bir birimizga har xil to'lqinlarda signal yuborayatganimizga endi 100 yildan oshdi. Shunday ekan, koinotni o'rganish, unda o'zimiz kabi fikrlashga qodir mavjudot qidirish ekspediciyamiz endi boshlandi desak ham bo'ladi.
O'ylaymanki, o'zga sayyoraliklarni biz topgunimizgacha, balkim ular bu marafonda bizdan o'tib ketishar. O'sha paytgacha koinotning beshafqat meteoritlar yomg'irlaridan saqlovchi atmosferadek tomi bor,  quyoshning radiaciyaga boy nurlaridan saqlovchi magnit maydonidek devori bor ona yerimiz- uyimizga o'zimiz o'zga sayyoralik bo'lib qolmaymiz. "Kichkina shahzoda" da to'g'ri ta'kidlanganidek, har kuni ertalab turib, o'z sayyoramizni, uyimizni o'zimiz tozalasak, uni tozaligiga rioya qilsakgina O'zga sayyoraliklar yerimizga necha ming yilda kelishidan qat'iy nazar, toza, ko'rkam, jannatmakon uyimizda mehmon qilishga, tanishishga, do'st bo'lishga balkim sevib qolishga muaaffaq bo'lamiz)). Kim biladi, balkim ular bilan do'stlashib telefondan To'ylarimizga aytish nasib qilar. Birga otamlashib, sal mast bo'lib mening xotinim yaxshiyu, lekin onasi ilonni o'zginasi deb dardlashish hali oddiy xolga aylanib qolishi hech gap emas. Hammasi bo'lishi mumkin. Ungacha esa ona yerimizni ifloslamasak, uni xafa qilmasak bo'lgani. Axir o'ylab ko'ring, iflos uyga kelgan mehmonlar biz haqimizda nima deb o'ylashadi?))

воскресенье, 17 мая 2015 г.

                              Tan bermoq.

Tan berish yengilganingni, mag'lubligingni bo'yninga olish eng qiyini, balkim eng oxirgisi. Inson ichida buni tan olsa ham, mag'lubligini bilib tursa ham u hech qachon boshqalarni oldida o'zini yengilgan his qilishni istamaydi. U har doim buni inkor qiladi. Hammasi yaxshi, hammasi ajoyib. Umidli ko'ringisi keladi hammaga.

Kinolarda akterlar ma'glubligini tez tan olib qo'yishadi,  ularga bu hech narsa, oddiy hol. Keyin bemalol boshqa kinoda rol o'ynab ketaverishadi. Hayotda esa bunday emas. Hayotda u roldan keyin bunisiga moslashib ketavermaysan. U bittagina xolos. 

пятница, 24 апреля 2015 г.


                            Qo'rquv

Uch narsaga ko'z uzmay, cheksiz tikilib turish mumkin: o't yonishiga, suv oqishiga va boshqa blogerlarning birin ketin o'z postlarini blog.telegraf.uz saytiga joylashlariga.

Keyingi turga nima yozishni ko'p o'yladim. Keyingi tur uchun atay nimalardir yozishim kerakligi, yozish uchun material ichimdan otilib chiqmayatgani sabab o'zimdan xafsalam pir bo'ldi. Keyingi turga o'tgan bo'lsam ham, hech narsa yozmay shu joyda to'xtasammikan deb ham ko'p o'yladim.

Umuman o'zi shunday qilish har doim manga qulay bo'lib kelgan. Boshini katta katta umid, entuziazm bilan boshlayman-u sal ishlash, bosh qotirish, kundalik dangasalik darajasi 80 - levelga yetgan hayotdan 1 soatgina vaqt ajratish kerak bo'lganda "да ну его нафиг" qabilida qo'l siltab chala tashlab qo'yish xuddi mening superqobilyatimdek gap edi.

Shunday katta ishtiyoq bilan o'qib boshlangan  juda ko'p kitoblar, haliyam man qachon yana qo'lga olib, shu joyigacha bo'lgan joyni eslab, yana qayta o'qishimni kutib yotishibdi. Bir kitobni 1 yillarda o'qib tugatishni - kitob mutoala qilish, deb ham bo'lmaydi.

Internet ommalashib, hammamiz sal bo'sh vaqtimiz bo'lsa smartfonga tikiladigan vaqtlar kelganidan boshlab kitob o'qish jarayoni juda va juda qiyinlashib ketdi. Uni ustiga buyoqdan Tvitter 140 harfli tvitlarga odamni miyyasini o'rgatib qo'ydi.

Miyyamiz tvitterdagi tvitga, facebookdagi kichik xabarlarga, shunga o'xshash qisqa matnlarga shunchalik dasturlashib qoldiki, chamamda 1 - turda qo'yilgan sal uzunroq "Sigir yaxshiroq" blogpostini ko'pchilik ohirigacha o'qiy olmadi. Kattaroq hajmni ko'rib miyya "hushtak chalvoryapdi". Kitob bilan ham shunaqa holat ro'y berishiga shubham yo'q. Katta hajmdagi matnga va yoki kitobga nisbatan qo'rquv paydo bo'lib qolyapdi. Bloglar kitob o'qilmasligi emas, uning o'qilishiga yo'l ochishi kerak. 

Rey Bredberining "Farengeyt bo'yicha 451 daraja" asaridagi fojea shu holatni yodga soladi. Kitob nomi bekor tanlanmagan, aynan shu darajada qog'oz yonib kulga aylanadi. Asarda yaqin kelajakda odamlar televidenie, seriallar yordamida odamlarni bir xil zombiga aylantirilayotgani, odamlarni fikr qilishga, o'ylashga undaydigan eski klassik kitoblar bo'lsa hajmda qisqartirilayotgani haqida bayon qiladi.

Butun boshli uzundan uzoq kitobni nima keragi bor? Cho'zmasdan tezroq yakunga o'tiladi. Bora bora mashxur klassik asarlar 2 minutda o'qib chiqish mumkin bo'lgan matnga sig'diriladi. Odamlar uylaridagi katta katta ekranlarga tikilib, o'z hayotlarini unutib qo'yishadi. Er xotinlar birga yashashadi-yu, oyda yilda bir mazmunli suhbat qurishmaydi. Kitoblar kichiklashishi bilan katta kitoblarga bo'lgan qo'rquv hissi paydo bo'ladi. Bu qo'rquv shu darajaga boradiki, o't o'chiruvchilarning birdan bir asosiy ishi durdona asarlarni kitob saqlanayotgan uy bilan birga yoqish, ularni o'qiyotganlarni bo'lsa qamashga aylanadi.

Hozirgi hayotimiz bilan Bredberi asaridagi hayot o'rtasida uncha farq topolmayapman. Kun-u tun internetga kirib zombidek yuramiz-u, undan qolgan vaqtimizda serial ko'ramiz. Virtual olamda virtual do'stlarimiz bilan soatlab suhbat quramiz-u, yonimizdagilar bilan bir dildan gaplashmaymiz. Qanchadan qancha kitoblarimiz o'z o'quvchisini topolmay makulaturaga topshirilib, oppoqina yumshoq hojat qog'oziga aylantirilyapdi.

Albatta, taraqqiyotni to'xtatib bo'lmaydi. Undan saqlaning, buni oldini olaylik, uning oqibatlari yomon deb bor ovozing bilan dunyoga jar solganing bilan rivojlanishni, uning yo'lini to'sib bo'lmaydi. U xuddi tog' tepasidan oqib kelayatgan jilg'adek o'ziga osongina yo'l topib, o'zini o'zi shakllantirib boraveradi. Bu oqimda oqib borayotib eng asosiysi o'zni unutmaslik. Bir kun kelib o't qo'yayatganimiz, kitoblardan chiqqan yolinga mahliyo bo'lib, Bredberi qahramoni Gay Monteg kabi zombiga aylanib qolmaslik.

"Farengeyt bo'yicha 451 daraja" asaridan iqtiboslar.

"Eng avvalo biz ko'zgular fabrikasini qurishimiz kerak. Ko'zgular, faqat va faqat ko'zgular ishlab chiqaraylikki, insoniyat ularda o'zlarini yaxshilab ko'rib olishsin."

"Endi sizga tushunarlimi... nimaga kitoblar insonlarda bunday nafrat uyg'otishi, nima sabab ulardan shunchalik qo'rqishlari? Ular bizga hayot yuzidagi g'adir budir ajinlarni ko'rsatadi. Faqat beg'amlik istovchilar esa o'z oldilarida hech qanday hissiz, mumdan yasalgan silliq yuzlarni ko'rishni xohlashadi."

"Har xil musobaqalar uyushtiring, masalan: kim mashxur qo'shiqlar so'zlarini eng ko'p biladi, kim hamma shtatlarning yirik shaharlarni sanab beraoladi yoki o'tgan yili Ayova shtatida qancha tonna bug'doy yig'ib olindi. Odamlarning miyyasini ko'ngillari ayniguncha beg'araz faktlar bilan to'ldirib tashlang. Hechqisi yo'q, qaytanga ular o'zlarini juda bilimli deb hisoblay boshlashadi."

среда, 1 апреля 2015 г.

Barqarorlik botqog’i 


Barqaror hayot tarzi, barqaror daromad, doimiy ish o’rni, barqaror qon bosimi, barqaror yurak urishi va sog’lik. Kuch – barqarorlikda, deging keladi. To’g’ri barqarorlik yaxshi, albatta. Lekin, undagi yo’lning bir xilligi yomon. Bir xillik evaziga erishilayotgan barqarorlikning tanazzulga yuz tutishi muqarrar.

Oxirgi paytlarda odamlar orasida “depressiya” deb ataluvchi kasallik juda urf bo’ldi. Miya bir maromda, har kuni takrorlanayotgan birgina rolikni qayta-qayta ko’raverishdan shu qadar bezib qoladiki, tushkunlik miya hujayralarida o’zining to’liq hukmronligini o’rnatadi. Shu depressiyaga qarshi millionlab dorilar ichiladi, psixologlarga boriladi. Lekin bu qusurning davosi – oddiygina,, nazdimda.

O’ylashimcha, bu tushkunlik holati doimiy bir xillikdan kelib chiqadi. Har kun bir xil hayot, bir xil odamlar, uyda o’sha to’rt devor, jihozlari doimgi o’rnida, ishda ham o’sha ish, boshliqning doimgi navbatchi gaplari. Bir xillik medaga tegadi, zerika boshlaydi kishi. Ko’ngil qandaydir yangilik istaydi. Adrenalin xohlab qoladi quyulgan qon. 

Bu holatda har kim o’zicha yo’l tutadi. Bir obrazli hayotning diqqinafas xonasi tuynuklarini ochib, shamollatish maqsadida kimdir ekstrimal sport turi bilan shug’ullansa, kimdir qo’rqinchli kino ko’radi. Kimdir mashinasini oxirgi tezlikka chiqarib rohatlansa, yana kimdir qimorga mukkasidan ketadi… Bunga juda ko’p misollar keltirsa bo’ladi. Eng ashaddiylar bu yo’lda o’lib ketishlari ham hech gap emas. Bundaylarni bir maromda, tinchgina yashaydigan kishilar tushunmaydi.

  Jinniga ham chiqarishadiki, hammaga o’xshamagan, chiqish mumkin bo’lmagan chegaradan, hech kim chiqishni xayoliga ham keltirolmagan  diqqinafas xonadan qanday qilib bo’lmasin tuynuk topib chiqsa-yu ularga kulib boqsa, ularning ko’ziga boshi bilan urushib qolgan telba bo’lib ko’rinadi.

Adashmasam, fizikaning dinamika bo’limida shunday tushuncha bor: Bir xil, doimiy tezlikdagi jismning to’xtab turgan jismdan farqi yo'q.

Doimiy tezlikda ketayotgan poyezd ichidagi odam, agar, vagon derazasidan tashqariga qaramasa, poyezdning to’xtab turgan yoki harakatlanayotganini anglay olmaydi. Qani endi odamlar dunyoni kenroq qabul qilib, poyezd derazasidan tez-tez tashqariga qarashsa edi. Tobora manzil tomon yaqinlashayotganlarini, yaqinlashayotganliklarini bila turib ham hech narsa qilmayotganliklarini anglashar edimi.

Atrofga qarab, ba’zi insonlarning yelkasini bor kuching bilan silkiging, uyqudan uyg’otging keladi. – Uyg’on, odamzod! Har kuni bir xil harakat, bir xil ish, bir xil muammolar, bir maromdagi hayot tarzi. Hammayoqda bir xillik. Qani sendagi jo’shqinlik? Axir sening imkoniyatlaring keng. Nega foydalanmaysan, nega o’smaysan? Oldinga yur, tezroq harakat qil va dunyoni dunyoni o’zgartir! Vaqt g’animat – deging keladi-yu nogahon mana shu atrofingdagi befarq nigohlarga (balki ko’zgudagi o’z aksingga) ichingda jo’sh urayotgan tug’yonlaring urilib, chil-chil sinadi. 

Balki ba’zilar hozir, - shu barqarorlikka erisha olmagan va shu halovatnida orzu qiladiganlar ozmunchami – deyishi mumkin. To’g’ri. Bir tekisda urayotgan yuragimiz, shuncha mehnat bajarayotganiga ahamiyat ham bermaymiz. Bir tez urib yuborsinchi, shundagina tiriklikning qadri bilinadi. O’shanda hayot ekanliging sezilib, ko’zingga atrof boshqacha bir go’zallikda namoyon bo’ladi.

Biz, bir maromda kechayotgan hayotimizda, doimiy tezlikda ketayotgan vagonimizda ko’p narsani ko’zdan qochirib, ko’p narsani xuddi shunday bo’lishi kerakdek qabul qilamiz. Vaholanki, hayot yonginamizdan yorug’lik tezligida o’tib ketyapti.

Odam o’zidan, hozirgi turgan (o’tirgan, yotgan, botqoqqa botgan) joyidan qoniqdimi, tamom, o’sishdan to’xtaydi. Hattoki, tanazzulga mahkum! Shunday ekan, poyezd tashqarisiga tez-tez qarab turaylik, hayotni kuzataylik, kerak bo’lsa, vagon derazasini sindiraylik, hayotga ergashaylik, hamnafas bo’laylik. Ichimizdagi o’tni so’ndirmaylik, to’xtab qolmaylik va doim harakatda bo’laylik. Va manzilga yetganda, ezgu niyatda qilingan amallarimiz mukofoti bilan vagondan tushaylik.