пятница, 24 апреля 2015 г.


                            Qo'rquv

Uch narsaga ko'z uzmay, cheksiz tikilib turish mumkin: o't yonishiga, suv oqishiga va boshqa blogerlarning birin ketin o'z postlarini blog.telegraf.uz saytiga joylashlariga.

Keyingi turga nima yozishni ko'p o'yladim. Keyingi tur uchun atay nimalardir yozishim kerakligi, yozish uchun material ichimdan otilib chiqmayatgani sabab o'zimdan xafsalam pir bo'ldi. Keyingi turga o'tgan bo'lsam ham, hech narsa yozmay shu joyda to'xtasammikan deb ham ko'p o'yladim.

Umuman o'zi shunday qilish har doim manga qulay bo'lib kelgan. Boshini katta katta umid, entuziazm bilan boshlayman-u sal ishlash, bosh qotirish, kundalik dangasalik darajasi 80 - levelga yetgan hayotdan 1 soatgina vaqt ajratish kerak bo'lganda "да ну его нафиг" qabilida qo'l siltab chala tashlab qo'yish xuddi mening superqobilyatimdek gap edi.

Shunday katta ishtiyoq bilan o'qib boshlangan  juda ko'p kitoblar, haliyam man qachon yana qo'lga olib, shu joyigacha bo'lgan joyni eslab, yana qayta o'qishimni kutib yotishibdi. Bir kitobni 1 yillarda o'qib tugatishni - kitob mutoala qilish, deb ham bo'lmaydi.

Internet ommalashib, hammamiz sal bo'sh vaqtimiz bo'lsa smartfonga tikiladigan vaqtlar kelganidan boshlab kitob o'qish jarayoni juda va juda qiyinlashib ketdi. Uni ustiga buyoqdan Tvitter 140 harfli tvitlarga odamni miyyasini o'rgatib qo'ydi.

Miyyamiz tvitterdagi tvitga, facebookdagi kichik xabarlarga, shunga o'xshash qisqa matnlarga shunchalik dasturlashib qoldiki, chamamda 1 - turda qo'yilgan sal uzunroq "Sigir yaxshiroq" blogpostini ko'pchilik ohirigacha o'qiy olmadi. Kattaroq hajmni ko'rib miyya "hushtak chalvoryapdi". Kitob bilan ham shunaqa holat ro'y berishiga shubham yo'q. Katta hajmdagi matnga va yoki kitobga nisbatan qo'rquv paydo bo'lib qolyapdi. Bloglar kitob o'qilmasligi emas, uning o'qilishiga yo'l ochishi kerak. 

Rey Bredberining "Farengeyt bo'yicha 451 daraja" asaridagi fojea shu holatni yodga soladi. Kitob nomi bekor tanlanmagan, aynan shu darajada qog'oz yonib kulga aylanadi. Asarda yaqin kelajakda odamlar televidenie, seriallar yordamida odamlarni bir xil zombiga aylantirilayotgani, odamlarni fikr qilishga, o'ylashga undaydigan eski klassik kitoblar bo'lsa hajmda qisqartirilayotgani haqida bayon qiladi.

Butun boshli uzundan uzoq kitobni nima keragi bor? Cho'zmasdan tezroq yakunga o'tiladi. Bora bora mashxur klassik asarlar 2 minutda o'qib chiqish mumkin bo'lgan matnga sig'diriladi. Odamlar uylaridagi katta katta ekranlarga tikilib, o'z hayotlarini unutib qo'yishadi. Er xotinlar birga yashashadi-yu, oyda yilda bir mazmunli suhbat qurishmaydi. Kitoblar kichiklashishi bilan katta kitoblarga bo'lgan qo'rquv hissi paydo bo'ladi. Bu qo'rquv shu darajaga boradiki, o't o'chiruvchilarning birdan bir asosiy ishi durdona asarlarni kitob saqlanayotgan uy bilan birga yoqish, ularni o'qiyotganlarni bo'lsa qamashga aylanadi.

Hozirgi hayotimiz bilan Bredberi asaridagi hayot o'rtasida uncha farq topolmayapman. Kun-u tun internetga kirib zombidek yuramiz-u, undan qolgan vaqtimizda serial ko'ramiz. Virtual olamda virtual do'stlarimiz bilan soatlab suhbat quramiz-u, yonimizdagilar bilan bir dildan gaplashmaymiz. Qanchadan qancha kitoblarimiz o'z o'quvchisini topolmay makulaturaga topshirilib, oppoqina yumshoq hojat qog'oziga aylantirilyapdi.

Albatta, taraqqiyotni to'xtatib bo'lmaydi. Undan saqlaning, buni oldini olaylik, uning oqibatlari yomon deb bor ovozing bilan dunyoga jar solganing bilan rivojlanishni, uning yo'lini to'sib bo'lmaydi. U xuddi tog' tepasidan oqib kelayatgan jilg'adek o'ziga osongina yo'l topib, o'zini o'zi shakllantirib boraveradi. Bu oqimda oqib borayotib eng asosiysi o'zni unutmaslik. Bir kun kelib o't qo'yayatganimiz, kitoblardan chiqqan yolinga mahliyo bo'lib, Bredberi qahramoni Gay Monteg kabi zombiga aylanib qolmaslik.

"Farengeyt bo'yicha 451 daraja" asaridan iqtiboslar.

"Eng avvalo biz ko'zgular fabrikasini qurishimiz kerak. Ko'zgular, faqat va faqat ko'zgular ishlab chiqaraylikki, insoniyat ularda o'zlarini yaxshilab ko'rib olishsin."

"Endi sizga tushunarlimi... nimaga kitoblar insonlarda bunday nafrat uyg'otishi, nima sabab ulardan shunchalik qo'rqishlari? Ular bizga hayot yuzidagi g'adir budir ajinlarni ko'rsatadi. Faqat beg'amlik istovchilar esa o'z oldilarida hech qanday hissiz, mumdan yasalgan silliq yuzlarni ko'rishni xohlashadi."

"Har xil musobaqalar uyushtiring, masalan: kim mashxur qo'shiqlar so'zlarini eng ko'p biladi, kim hamma shtatlarning yirik shaharlarni sanab beraoladi yoki o'tgan yili Ayova shtatida qancha tonna bug'doy yig'ib olindi. Odamlarning miyyasini ko'ngillari ayniguncha beg'araz faktlar bilan to'ldirib tashlang. Hechqisi yo'q, qaytanga ular o'zlarini juda bilimli deb hisoblay boshlashadi."

2 комментария: