среда, 1 апреля 2015 г.

Barqarorlik botqog’i 


Barqaror hayot tarzi, barqaror daromad, doimiy ish o’rni, barqaror qon bosimi, barqaror yurak urishi va sog’lik. Kuch – barqarorlikda, deging keladi. To’g’ri barqarorlik yaxshi, albatta. Lekin, undagi yo’lning bir xilligi yomon. Bir xillik evaziga erishilayotgan barqarorlikning tanazzulga yuz tutishi muqarrar.

Oxirgi paytlarda odamlar orasida “depressiya” deb ataluvchi kasallik juda urf bo’ldi. Miya bir maromda, har kuni takrorlanayotgan birgina rolikni qayta-qayta ko’raverishdan shu qadar bezib qoladiki, tushkunlik miya hujayralarida o’zining to’liq hukmronligini o’rnatadi. Shu depressiyaga qarshi millionlab dorilar ichiladi, psixologlarga boriladi. Lekin bu qusurning davosi – oddiygina,, nazdimda.

O’ylashimcha, bu tushkunlik holati doimiy bir xillikdan kelib chiqadi. Har kun bir xil hayot, bir xil odamlar, uyda o’sha to’rt devor, jihozlari doimgi o’rnida, ishda ham o’sha ish, boshliqning doimgi navbatchi gaplari. Bir xillik medaga tegadi, zerika boshlaydi kishi. Ko’ngil qandaydir yangilik istaydi. Adrenalin xohlab qoladi quyulgan qon. 

Bu holatda har kim o’zicha yo’l tutadi. Bir obrazli hayotning diqqinafas xonasi tuynuklarini ochib, shamollatish maqsadida kimdir ekstrimal sport turi bilan shug’ullansa, kimdir qo’rqinchli kino ko’radi. Kimdir mashinasini oxirgi tezlikka chiqarib rohatlansa, yana kimdir qimorga mukkasidan ketadi… Bunga juda ko’p misollar keltirsa bo’ladi. Eng ashaddiylar bu yo’lda o’lib ketishlari ham hech gap emas. Bundaylarni bir maromda, tinchgina yashaydigan kishilar tushunmaydi.

  Jinniga ham chiqarishadiki, hammaga o’xshamagan, chiqish mumkin bo’lmagan chegaradan, hech kim chiqishni xayoliga ham keltirolmagan  diqqinafas xonadan qanday qilib bo’lmasin tuynuk topib chiqsa-yu ularga kulib boqsa, ularning ko’ziga boshi bilan urushib qolgan telba bo’lib ko’rinadi.

Adashmasam, fizikaning dinamika bo’limida shunday tushuncha bor: Bir xil, doimiy tezlikdagi jismning to’xtab turgan jismdan farqi yo'q.

Doimiy tezlikda ketayotgan poyezd ichidagi odam, agar, vagon derazasidan tashqariga qaramasa, poyezdning to’xtab turgan yoki harakatlanayotganini anglay olmaydi. Qani endi odamlar dunyoni kenroq qabul qilib, poyezd derazasidan tez-tez tashqariga qarashsa edi. Tobora manzil tomon yaqinlashayotganlarini, yaqinlashayotganliklarini bila turib ham hech narsa qilmayotganliklarini anglashar edimi.

Atrofga qarab, ba’zi insonlarning yelkasini bor kuching bilan silkiging, uyqudan uyg’otging keladi. – Uyg’on, odamzod! Har kuni bir xil harakat, bir xil ish, bir xil muammolar, bir maromdagi hayot tarzi. Hammayoqda bir xillik. Qani sendagi jo’shqinlik? Axir sening imkoniyatlaring keng. Nega foydalanmaysan, nega o’smaysan? Oldinga yur, tezroq harakat qil va dunyoni dunyoni o’zgartir! Vaqt g’animat – deging keladi-yu nogahon mana shu atrofingdagi befarq nigohlarga (balki ko’zgudagi o’z aksingga) ichingda jo’sh urayotgan tug’yonlaring urilib, chil-chil sinadi. 

Balki ba’zilar hozir, - shu barqarorlikka erisha olmagan va shu halovatnida orzu qiladiganlar ozmunchami – deyishi mumkin. To’g’ri. Bir tekisda urayotgan yuragimiz, shuncha mehnat bajarayotganiga ahamiyat ham bermaymiz. Bir tez urib yuborsinchi, shundagina tiriklikning qadri bilinadi. O’shanda hayot ekanliging sezilib, ko’zingga atrof boshqacha bir go’zallikda namoyon bo’ladi.

Biz, bir maromda kechayotgan hayotimizda, doimiy tezlikda ketayotgan vagonimizda ko’p narsani ko’zdan qochirib, ko’p narsani xuddi shunday bo’lishi kerakdek qabul qilamiz. Vaholanki, hayot yonginamizdan yorug’lik tezligida o’tib ketyapti.

Odam o’zidan, hozirgi turgan (o’tirgan, yotgan, botqoqqa botgan) joyidan qoniqdimi, tamom, o’sishdan to’xtaydi. Hattoki, tanazzulga mahkum! Shunday ekan, poyezd tashqarisiga tez-tez qarab turaylik, hayotni kuzataylik, kerak bo’lsa, vagon derazasini sindiraylik, hayotga ergashaylik, hamnafas bo’laylik. Ichimizdagi o’tni so’ndirmaylik, to’xtab qolmaylik va doim harakatda bo’laylik. Va manzilga yetganda, ezgu niyatda qilingan amallarimiz mukofoti bilan vagondan tushaylik.

Комментариев нет:

Отправить комментарий